ADASHGANNING NOLASI
Xudo, menga iymon ber, iymonimni yeb qo'ydim,
Hayot yolg'on - ikkiga ikki beshdir deb qo'ydim.
O'z oyog'im boshladi, jar tomon kelib qo'ydim,
Ortimdan gumroh deya aytar meni, Xudojon,
Boshqa qadam bosmayman, qaytar meni, Xudojon!
Xayolimda qo'llarim osmonga tegib qoldi,
Iymonimning eshigin ochmadim, bekik qoldi.
Iymonim bormi asli, boshim ham egik qoldi,
Yerni unutgan deya aytar meni, Xudojon,
Endi yerda yashayman, qaytar meni, Xudojon.
Menga otsa, o'n hissa bo'lib qaytdi yov toshi,
Qanday tilmadi bag'rim eh, onamning ko'zyoshi,
Meni kutib sovigan haqqi non, tuz-u oshi,
Qaytarsang, bolam deya aytar meni, Xudojon,
Barin boshdan boshlayman, qaytar meni, Xudojon.
Bir siqim iymon tashla, vujudim tutib olsin,
Oz vaqt ber, kibr degan dushmanni yutib olsin,
Qaytsam, insonlar meni inson deb kutib olsin,
Odam bo'lsam, odam deb aytar meni, Xudojon,
Odam bo'lishim uchun qaytar meni, Xudojon.
Yo shunda ham o'zimga qaytolmasam, qaytmasam,
Borib onam qoshida ming bor tavba aytmasam,
Shu bo'lsin so'nggi so'zim, shudir so'zimga qasam-
Garchi ortga qaytishim amrimahol, Xudojon,
Shu jardan tashlab yubor, jonimni ol, Xudojon!...