Dunyoni tinchlantirib ber (sher).
Hudojon, dunyoni tinchlantirib ber,
Ollohim olamni ovutib qo'ygin.
Qaynoq urushlarning boshini silab,
Muzqaymoqlar berib sovutib qo'ygin.
Hudojon, armonni oldinga chaqir,
Go'daklar ko'ziga botgan armonni.
Multfil'm qo'yib ber, mo'ltirab qarab,
Qiqirlab kuldirsin jumla – jahonni.
Ollohim orzular ushalmasmi ayt?
Oqarmay tuproqqa qorishsa sochlar.
Dod desam, falakning parvoyi falak
Ko'rmasam ko'zimni yutadi ochlar.
Dardlarni chaqirib olgin, Hudojon,
O'limni chalg'itib o'yinchoqlar ber...
Beshik, belanchakka mo'ralab turgan.
Ajalni aldatib qo'g'irchoqlar ber!
Johilni jahonga ustun qilmagin
Terorning tilini sayratib qo'yma.
Oxirat mayliku, bu fanoda ham.
Odamkush bandangni yayratib qo'yma!
Alamni chaqirgin, alamzada ko'p.
Mehrga tashnalar mehrga qonsin.
Ertakka aylanib qolmay bu dunyo.
Ertaklar bolajon dunyoga qolsin!...
Hudojon, Dunyoni tinchlantirib ber!