Yo'tal davosi
Anjirni sutda qaynatib ichgan kishi yo'tal tutishidan tezda xalos bo'ladi. Ovozi bo'g'ilib qolgan odam turp suvini ichib, tomog'ini g'arg'ara qilsa, darhol ovozi ochiladi. Kiyik o'tini suvda qaynatib ichib yurilsa, yo'taldan forig' bo'linadi. Surunkali yo'tal qiynayotgan kishi otning yangi suti (yoki qimiz) ichib yursa, bu darddan xalos bo'ladi. Ko'ksida balg'am ko'paygan bemor tez-tez anjir eb tursa, undan qutiladi. Yo'talning kelib chiqishiga turli omillar sabab bo'ladi. Shuning uchun uni davolashga kirishganda qaysi kasallikning nishonasi ekanini aniqlab olish lozim.
Bir choy qoshiqdagi ukrop urug'ini bir choynak suvga damlab ichish balg'amning engil ko'chishiga foyda qiladi, surunkali yo'talni qoldiradi. Orasiga sariyog' yoki dumba qo'yib bug'da yo dimlab pishirilgan behi yoki sholg'om quruq yo'talni davolashda eng yaxshi shifodir. Yo'taldan ko'p aziyat chekkan kishi mol yog'i iste'mol qilsa, darddan forig' bo'ladi. Yog'i olinmagan sutni sariyog' bilan qaynatib issiq holda ichish tomoqni yumshatadi, qirilishi va yo'taldan qutilishda yordam beradi. Yovvoyi (achchiq) bodomni chaqib, choydek damlab ichish ham yo'talga foyda qiladi.